Eurasianet nashrining yozishicha, Donald Tramp Markaziy Osiyoga tashrif buyurgan birinchi AQSh prezidenti bo‘lishi mumkin.
Nashr avvalroq Shavkat Mirziyoyev Amerika rahbarini Toshkentga taklif qilganini eslatib, «O‘zbekiston tomoni allaqachon bir necha bor taklifnoma jo‘natgan va aprel oyida tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegasiya uni Oq uyga topshirgani»ni yozadi.
Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Mirziyoyev Oq uyda Tramp bilan uchrashgan, keyin AQSh prezidenti u haqda «juda hurmatli shaxs» degan edi.
Shuningdek, joriy yil 5 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida Mirziyoyev Trampga «qulay vaqtda» O‘zbekistonga tashrif buyurishni taklif qilgandi.
Nashr, o‘z navbatida, Vashingtondagi manbalariga tayanib, 9 sentyabr holatiga ko‘ra Markaziy Osiyoga tashrif bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilinmaganini ma’lum qildi.
Eurasianet Trampning Qozog‘istonga tashrifi ehtimoli haqida ham o‘z taxminlarini ilgari surgan.