Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida shunday marhamat qilganlar:
Ramazon oyi kirsa Jannat eshiklari ochiladi, Jahannam eshiklari qulflanadi, shaytonlar kishanlanadi.
Hadisni Abu Hurayra raziyallohu anhudan imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilgan bo‘lib, unda muborak Ramazon oyining fazilati haqida so‘z borgan. Alloh taborak va taolo Ramazon oyi sharofati bilan jannat eshiklarini lang ochar va jahannam eshiklariga qulf osar ekan.
Avom orasida shu va bunga ma’nodosh hadislaring zohiri asosida shakllanib qolgan bir tushuncha bor: “Ro‘zada o‘lgan odam jannatga tushadi!”.
Haqiqatanam shundaymi? Jannat eshiklari Ramazon oyida qazo qilganlarga ochiq bo‘ladimi? Ular to‘g‘ri jannatga kirib ketadilarmi?
To‘g‘ri, Ramazonda vafot topish xayrli xotimaning alomati. Ammo Ramazon oyida qazo qilganlarning hammasi ham to‘g‘ri jannatga tushadi deb ishonish noto‘g‘ri! Ramazon oyida hamma o‘lim topishi mumkin. Kofir ham, munofiq ham, shu qatorda mo‘minlar ham. Ammo jannat eshiklari Ramazon oyining qadriga yetgan, uning ro‘zasini Allohning buyrug‘i o‘laroq farz deb e’tiqod qilgan va shu e’tiqodiga binoan sahardan to shomga qadar yemoq, ichmoq va ahli bilan jimo’ qilmoqdan nafsini tiygan, shuningdek, g‘iybat, fisq-fujur kabi ma’naviy illatlardan ham Ramazon hurmati uchun voz kecha olgan sabr-bardoshli mo‘minlar uchun ochiladi va aynan shularga jahannam eshiklari yopiladi. Ular garchi Ramazonda o‘lim topmasalar ham Alloh taolo ularga jannat eshigini hamisha ochib qo‘yadi va jahannam eshiklarini yopib qo‘yadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam bir hadislarida shunday deganlar: Jannatning sakkizta eshigi bor. Ulardan biri “Rayyon” deb nomlangan. Undan faqat ro‘za tutganlar kiradi. Bu hadisni Sahl ibn Sa’d roziyallohu anhudan imom Buxoriy va imom Muslim rivoyat qilganlar. demak Ro‘zadorlar uchun «Rayyon» nomli eshik doimo ochiq!
Lekin kofir munofiqlar esa Ramazonda o‘lsalar ham, hatto qadr kechasida jon taslim qilsalar ham, iymonsiz ketar ekan ular uchun jahannam eshiklari hamisha lang ochiq bo‘ladi. Jannatdan ularga hargiz joy berilmaydi. Zero Alloh kofir va munofiqlarni jannatdan mahrum qilgan. Ya’ni ular uchun jannat eshiklarini yopib qo‘ygan.
Demak, kimki o‘zi uchun jannat eshiklarini hamisha ochiq bo‘lishini va do‘zax eshiklarining yopiq bo‘lishni istasa Ramazoni sharif oyi haqida sog‘lom etiqodga ega bo‘lsin! Ramazon ulug‘ oyligini, uni Alloh ulug‘lab qo‘yganini, unda ro‘za tutish farz qilganini bilsin! Bilibgina qolmasdan Ramazoni sharif amallarini amalda ham bajarsin. Ramazonda taqiqlangan moddiy va ma’naviy narsalardan tiyilsin. Taroveh namozini ado qilsin. Xatmi Qur’on qilsin yo eshitsin. E’tikof o‘tirsin. Qadr kechasini izlasin va tunlari qoim bo‘lsin. Shu amallarni bajarib Allohdan umid qilsin. Ammo hargiz amallariga suyanib qolmasin!
Manba: ahlisunna.uz