— Oshqozon kasalligi bilan bemor bo‘lgan kishiga maxsus moslama – zont yuttirish orqali tashxis qo‘yiladi. Bunda zont yutayotgan bemor ro‘zador bo‘lsa uning ro‘zasi buziladimi?
— Bismillahir Rohmanir Rohim. Oshqozon tekshiruv moslamasi (zont) deganda – og‘iz orqali yutilib, bir uchi tashqarida qolib, ikkinchi uchi oshqozonga yetib boradigan tibbiy qurilma tushuniladi. Ushbu moslamadan asosan oshqozonni tasvirga olish va undagi kasallikka tashxis qo‘yish uchun foydalaniladi. Tashxis amaliyoti tugaganidan so‘ng mazkur moslama og‘iz orqali qayta chiqarib olinadi.
Bemor ro‘zador holida oshqozon tekshiruv moslamasi (zont)ni quruq holida yutsa, unga yog‘ yoki biror dori vositasi surtilmagan bo‘lsa – bu uning ro‘zasini buzmaydi. Chunki hanafiy mazhabining umumiy qoidasiga ko‘ra qorin qismi(javf)ga kirgan narsa u yerda o‘rnashib qolsagina ro‘zani buzadi. Bu haqda Imom Kosoniy bunday deydilar: “Ichkariga kirgan narsaning o‘sha yerda o‘rnashib qolishi ro‘za buzilishining shartidir” (“Badoyi’us Sanoyi’”).
Fiqhiy manbalarimizda ushbu qoidaga quyidagi holatni misol qilib keltirilgan: “Agar biror taomga ip bog‘lab halqumidan o‘tkazsa (ya’ni yutsa), ipning boshqa tarafi qo‘lida qolsa, ro‘za ochilmaydi. Ip uzilib ketsa ro‘za ochiladi” (“Bahrur-roiq”).
Demak, oshqozon tekshiruv moslamasining bir uchi tashqarida qolib, to‘liq ichkariga kirmagani hamda oshqozonda o‘rnashmagani sababli ro‘zani ochmaydi.
Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish lozimki, yuqorida aytib o‘tilganidek zont yutish jarayonida unga yog‘ yoki dori surtilmagan, quruq holatda bo‘lishi lozim. Aks holda ro‘za ochiladi. Voqelikda esa yog‘ surtilmagan holda zont yutish bemor uchun katta mashaqqat tug‘diradi. Ba’zan moslama uchidagi tasvirga olish qurilmasini oshqozonga suv yuborish orqali tozalab turish zarurati paydo bo‘ladi. Suvning ichkariga kirishi bilan shubhasiz ro‘za buziladi.
Zont orqali oshqozonni tekshirish asnosida yuqoridagi kabi noqulayliklar kelib chiqadigan bo‘lsa, bemor shariatning umumiy ruxsatidan foydalanib, o‘sha kungi ro‘zani Ramazondan keyin bir kun tutib berishi mumkin.
Muhammad Ayyub HOMIDOV