Kuni kecha bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A. Ramatovga “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masala ko‘rib chiqilgan edi.
Qayd etish lozim, deputatlar ushbu masalaga jiddiy ahamiyat qaratib, bu bo‘yicha konstruktiv fikrlar, asosli takliflar, mushohadali savollarni o‘rtaga tashladilar.
Deputatlarning ta’kidlashicha, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning yo‘llarda baxtsiz hodisalarga uchrashining oldini olish, yo‘llar infratuzilmasini yaxshilash bugun har birimizni o‘ylantiradigan, kerak bo‘lsa, tashvishlantiradigan masala.
Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” DP fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov so‘z olib, masalaning nihoyatda dolzarbligi, fraksiyada ham qizg‘in muhokama qilinganini qayd etdi. Shuningdek, Parlament so‘rovida berilgan savollar yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi. Xususan, radarlar masalasiga alohida to‘xtalib, ularni o‘rnatishdan maqsad yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga qaratilishi muhimligi va haydovchilarni jarimaga tortishni maqsad qilib olmasligi kerakligini ta’kidladi.
O‘z navbatida, deputatlar ham haydovchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qiluvchi bir qator takliflarni ilgari surdilar. Xususan, haydovchilarga yo‘lning qaysi qismida qachon “radar” o‘rnatilganini oldindan bilish imkoniyati yaratib berilishi shartligi, ogohlantirish belgilari o‘rnatilgan taqdirdagina huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilishi lozimligi aytib o‘tildi.
Radar va fotokamera qayerda joylashganini aniq bilmagan haydovchini ma’muriy javobgarlikka tortish noo‘rin ekani qayd etildi. Parlament so‘rovida ushbu masalalarga atroflicha javob olgandan so‘ng, bu bo‘yicha, kerak bo‘lsa, tegishli qonunni ishlab chiqish, mavjud huquqiy asosni takomillashtirish zarurati yuzasidan ham fikrlar o‘rtaga tashlandi.
Shulardan kelib chiqib, parlament so‘rovini Bosh vazir o‘rinbosari A.Ramatovga yuborilishi deputatlar tomonidan ma’qul, deb topilib, tegishli qaror qabul qilindi.