Bugun 3 may, 2025 yil, shanba

КИР

Quyoshli xonadon dasturi doirasida fuqarolarga 348 million so‘m subsidiya berildi

Quyoshli xonadon dasturi doirasida fuqarolarga 348 million so‘m subsidiya berildi

Ma’lumki, mamlakatimizda energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, quyosh panellari va quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish bo‘yicha qator qulayliklar, soliq imtiyozlari yaratildi.

Xususan, Prezidentimizning qaroriga asosan joriy yil 1 apreldan “Quyoshli xonadon” dasturi doirasida xonadoniga quyosh panellarini o‘rnatgan jismoniy shaxslarga quyosh paneli orqali ishlab chiqarilgan va yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt soati uchun 1000 so‘mdan subsidiya ajratilishi belgilangan edi.

Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar 967 nafar jismoniy shaxsga aprel-iyul oylari uchun quyosh panelida ishlab chiqarilib, yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan hamda tizimdan iste’mol qilingan elektr energiyasi o‘rtasidagi ijobiy tafovut (348 ming kVt/soat)dan kelib chiqib 348 million so‘m subsidiya hisoblandi hamda to‘lov uchun tasdiqlandi.

Subsidiyaning eng katta qismi qoraqalpog‘istonliklar uchun hisoblangan – 103,6 million so‘m. Undan keyingi o‘rinlardan Xorazm viloyati (70,5 mln so‘m) Toshkent shahri (35,6 mln so‘m), Jizzax (30,9 mln so‘m) hamda Navoiy (27,8 mln so‘m) viloyatlari joy olgan.

Subsidiyani “Soliq” mobil ilovasining “Keshbek” bo‘limidagi “Kartaga pul o‘tkazish” oynasi orqali bank kartasiga o‘tkazib olish mumkin.

Yana bir ma’lumot. Quyosh panellari fuqarolarga 20-25 yil davomida xizmat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad qilish ham mumkin.

Bunda jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday soliq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.

E’tiborlisi, bunday qurilma yordamida xonadonini elektr energiyasi bilan ta’minlagan (o‘rnatilgan yer maydoni uchun) jismoniy shaxslar 3 yil, tadbirkorlik sub’ektlari esa 10 yil davomida yer va mulk solig‘idan ozod etiladi. O‘z navbatida jismoniy shaxslar quyosh panellarini 3 yil muddatga foizsiz, bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotib olishlari, tijorat banklari tomonidan ajratiladigan kreditlardan foydalanishlari mumkin. Bunda 5 kilovattgacha bo‘lgan qismiga bo‘lib-bo‘lib to‘lash imtiyozlari beriladi.

Xonadon egasi tomonidan to‘liq xarid qilinganda quyosh panellari xarajatlarining 6 million so‘mgacha va quyosh suv isitish qurilmalarining 2,1 million so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi. Qurilmalarni o‘rnatgandan keyin xonadon sohibi elektr ta’minoti korxonasi bilan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolash huquqiga ega.

Aytaylik, xonadon egasi 1 kVt soat elektr energiyasini davlatga 1000 so‘mdan sotadi. Agar xonadonga 5 kVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatilsa, quyosh stansiya oyiga o‘rtacha 750 kVt soat elektr energiya ishlab chiqaradi. 4 kishilik xonadonda oyiga o‘rtacha 400 kVt soat elektr energiya iste’mol qilinsa, mazkur stansiya xonadon egasiga oyiga 350 ming so‘m miqdorda daromad keltiradi.

Fuqarolar tomonidan sotilgan elektr energiyasi uchun mablag‘lar davlat tomonidan har oy “Soliq” mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi. O‘rnatilgan quyosh panellari orqali olingan elektr energiyasi “aqlli” elektr hisoblagichlar yordamida har oy qancha sotilganini aniq hisoblab beradi. Jarayonni telefonda o‘rnatilgan maxsus ilova orqali onlayn kuzatib borish imkoniyati mavjud.

Shuningdek, quvvati 100 kVt va undan ortiq bo‘lgan quyosh panellaridan energiya ishlab chiqaruvchilar ushbu qurilmalarni o‘rnatganlik uchun mol-mulk va yer solig‘ini to‘lashda o‘n yil muddatga imtiyoz beriladi. Quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatuvchilar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan uch yil muddatga ozod etiladi.

Eng muhim jihati shundaki, 2024 yil 1 yanvarga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalarini tashkil etish uchun tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinadigan asbob-uskunalar, texnika, xomashyo, butlovchi buyumlar, ehtiyot qismlar va boshqa materiallar bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.

Kiritildi: 22:06 15.08.2023. O'qildi: 5119 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!