O‘zbekiston tarixida birinchi marta aholi xonadonida o‘rnatilgan quyosh panellari yordamida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat tomonidan sotib olish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Quyosh panellari va suv isitish qurilmalaridan foydalanilganda elektr va issiqlik energiyasi tekinga olinadi. Quyosh panellari orqali elektr energiya ishlab chiqarilganda atrof-muhitga hech qanday zararli gazlar chiqmaydi. Eng asosiysi, quyosh panellari va suv isitish qurilmalari o‘rnatilgan paytdan e’tiboran daromad olib kela boshlaydi. Bunday qurilmalar binolarning tom qismida hamda bo‘sh yer maydonlarga o‘rnatilgani uchun ishlash jarayonida hech qanday shovqin bo‘lmaydi. Zamonaviy vositalar xonadonni uzluksiz elektr energiyasi va issiq suv bilan ta’minlash imkonini beradi.
Bu qurilmalarni o‘rnatish juda oson va uzoq yillar texnik xizmat ko‘rsatish ham talab etilmaydi. Chunki mazkur qurilmalar maxsus sinov laboratoriyalari tekshiruvidan o‘tkazilgan holda o‘rnatilishi sababli o‘rtacha 20-25 yil davomida xizmat ko‘rsatadi. Xonadon egasi ehtiyojidan ortgan qismini elektr tarmoqlari korxonasiga sotib daromad qilishi ham mumkin. Bunda jismoniy shaxslar tomonidan hech qanday soliq to‘lovlari amalga oshirilmaydi.
Ammo bir narsani unutmaslik kerakki, ushbu yangi yo‘nalishni rivojlantirish, sohaga sarmoya kiritish, yirik xorijiy hamkorlarni jalb qilish uchun energetika sohasi bozor mexanizmlari asosida ishlayotgan bo‘lishi kerak. Yo‘qsa yoki investorlar umuman kelishdan bosh tortadi, yoki yana barcha zarar davlat byudjetining zimmasiga tushadi.