Antaliya Turk Riviyerasi bo‘ylab O‘rta yer dengiziga qaragan maftunkor kurort shahri bo‘lib, o‘zining oltin qumlari, ko‘mko‘k osmoni va moviy suvlari bilan barchaning sevimli dam olish maskaniga aylangan. Turkiyaning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan ushbu shahar 300 kunlik quyoshi va yoqimli iqlimga ega bo‘lib, yozgi saodatni izlayotganlar uchun yil davomida betakror muhit taqdim etadi. Bu mashhur qirg‘oq marvaridi nafaqat dengiz va quyosh bilan o‘ziga jalb qiladi, balki dunyodagi eng toza plyajlarning faxriy yo‘lboshchisidir. Antaliya eng ko‘p 233 ta Moviy bayroq sertifikatiga ega plyajlari bilan jahon rekordini o‘rnatdi.
Oltin quyosh, mayin qumlar va billur suvlar….
Yoz faslida sayr qilish istagi insonni beixtiyor dengiz tomon chorlaydi. Antaliya sifatli xizmati va xavfsizligi uchun nufuzli Moviy bayroq mukofotiga sazovor bo‘lgan. Antaliyaning tabiiy boyliklarini saqlab qolish majburiyati har bir plyajning eng yuqori barqarorlik standartlariga rioya qilinishini ta’minlaydi. Shaffof suvlar, toza qum parchalari va yaxshi saqlangan tabiiy muhit, bularning bari go‘yo yorqin quyosh nurida cho‘milganday musaffo.
Antaliyaning Alaniya, Side, Manavgat, Finike, Kemer, Kalkan, Kash va boshqa ko‘plab diqqatga sazovor shaharlari sokin, go‘zalligi va tozaligi bilan e’tiborni tortadi. Bular orasida Patara, Kleopatra, Kaputash, Lara va Konyalti plyajlari o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ushbu plyajlar, shuningdek, adrenalinga boy turli xil suv sportlari uchun ideal joylardir. Kash nafaqat Moviy bayroqli plyajlari, balki sho‘ng‘in (dayving, sho‘ng‘ish) uchun ham Turkiyaning, ham dunyodagi eng yaxshi markazlardan biridir. Qolaversa, Antaliyada shamol syorfingi va kayt syorfingi ham keng tarqalgan aktivitilardan, chunki Alaniya tabiati, yoqimli shamollari va go‘zal dengizi bu qiziqarli sport uchun juda qulay hisoblanadi. Bu yerda yana parashyutdan sakrash, chang‘i uchish va hattoki kanoeda uchish kabi sport turlarini sinab ko‘rish va unutilmas tajribalarga ega bo‘lish mumkin.
Tarix, hashamat va barqarorlik
Antaliyaning tabiiyligini saqlab qolgan plyajlari jahon darajasidagi qulayliklarni taklif qiluvchi mehmonxonalar, ko‘ngilochar parklar, golf maydonlari va gurme restoranlari kabi hashamatli kurortlar bilan o‘ralgan. Shuningdek, ko‘plab qadimiy joylar va tarixiy qishloqlar mavjud. Masalan, Likiya sivilizasiyasi xarobalari joylashgan va “boqiy alanga” deb nomlangan Chimera va Qadimgi Olimpos shahri tarix ixlosmandlarining albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan joylardir. Xuddi shunday, Turkiyaning eng uzun (18 km) plyajlaridan biri Patara plyaji va Likiya Ittifoqining tarixiy poytaxti Patara antik shahri so‘lim tabiat qo‘ynida olis tarix bo‘ylab sayohatga chorlaydi.
Sog‘lom va xavfsiz turizm xizmatlari bilan ajralib turadigan Antaliyaning Moviy bayroqli plyajlari ham barqaror tabiiy muvozanatga hissa qo‘shadi. Ushbu plyajlardagi tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha eng muhim ishlardan biri “caretta caretta” toshbaqalaridir. Yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan bu dengiz toshbaqalari omon qolish uchun toza plyajlarga intiladi. Belek, Patara va Chirali kabi shaharning Moviy bayroqli plyajlari xavfsiz ko‘payish maydonini ta’minlaydi, masalan, qo‘riqlanadigan uyalar, plyaj yoritish tizimining doimiy nazorat ostida bo‘lishi va xabardorlik dasturlari kabi qat’iy muhofaza choralari. Ko‘payish davrida hatto toshbaqalarning hayot yo‘liga guvoh bo‘lish mumkin.
Tiniq moviy dengiz bo‘yida dam olish, suv sporti bilan shug‘ullanish yoki shunchaki ajoyib tabiatdan zavqlanish va unutilmas tajriba - bularning bari Antaliyaning Moviy bayroqli plyajlarida mujassamdir. Shu bilan birga O‘rta yer dengizining dengiz mahsulotlarini tatib ko‘rishni va jonli tungi hayotdan bahra olishni unutmang!