— O‘g‘illarim sho‘x. Uyda koptok tepishadi, quvlashmachoq o‘ynashadi. Pastki qavatda yashaydigan qo‘shnimiz «Tinchimizni buzyapsizlar, ko‘chib ketinglar bo‘lmasa, ustingizdan arz qilamiz», deb bir necha marta po‘pisa qildi. Bola bo‘lishsa, o‘z uyida oyoq uchida yurishmaydi-ku, qo‘shnimizning shu talabi to‘g‘rimi? Bizning qanday haq-huquqlarimiz bor?
Ismi sir tutildi.
O‘ktam Qaharov, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi sudyasi:
— O‘zbek millati o‘zining uzoq yillik tarixi davomida mentaliteti va diniy qadriyatlaridan kelib chiqib qo‘ni-qo‘shnichilik munosabatlariga alohida e’tibor qaratgan. Bu qadryatimiz hozirgi zamonda ham davom etib kelayotgan bo‘lsada, ba’zi hollarda ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi o‘rtasida maishiy shovqin bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bo‘lib turganligi qulog‘imizga chaliniib turadi.
Hozirgi davr jinoyat va ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchiligimizda qo‘shnilarning biror sabab bilan ziddiyatlarga borishiga alohida qilmish sifatida kvalifikasiya qilinmaydi, biroq kelib chiqqan oqibatlarga qarab bir nechta xatti-harakatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.
Mamlakatimizning Bosh qomusida har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga hamda O‘zbekiston Respublika fuqarolari O‘zbekiston hududida bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish, O‘zbekiston Respublikasiga kelish va undan chiqib ketish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Siz savolda so‘ragan qo‘shningizni sizga nisbatan ko‘chib ketishni talab qilishi amaldagi qonunchiligimizga mutlaqo zid ekanligi, qo‘ni-qo‘shnilar bilan tinchlik totuvlikda yashash choralarini ko‘rish nafaqat siz, balki jamiyatimizning har bir a’zosining fuqarolik burchi ekanligi tushuntiriladi.