So‘nggi kunlarda ommaviy axborot vositalarida Istanbul shahrining Bahchelievler tumanidagi Diyonat boshqarmasiga qarashli Qur’on kurslarida tahsil olgan 24 nafar voyaga yetmagan o‘quvchi jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lgani haqidagi xabarlar keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. Istanbuldagi Bosh konsulxonaning xabar berishicha, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligiga mahalliy hokimiyat idoralari orqali aniqlik kiritilmoqda.
Avvalroq yuqoridagi holat bilan bog‘liq bo‘lmagan holda, Turkiya hududida noqonuniy faoliyat yuritayotgan yashirin diniy ta’lim muassasalarida voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik holatlari aniqlangan va bir qator shaxslar javobgarlikka tortilgan.
Konsulxona ota-onalarni farzandlarini begona shaxslarga ishonib, chet eldagi norasmiy diniy ta’lim muassasalariga yubormaslikka chaqirmoqda. Ularning taqdiri va xavfsizligi – sizning e’tiboringiz va mas’uliyatingizga bog‘liq!
Agar sizda shubhali ta’lim muassasalari yoki bolalar huquqlariga tajovuz holatlari haqida aniq ma’lumot bo‘lsa, darhol Bosh konsulxonaga murojaat qiling.