Oliy Radaning inson huquqlari bo‘yicha komissari Dmitriy Lubinesning aytishicha, u «ruslar qurolsiz ukrainalik asirni qilich bilan qatl etgani» aks etgan video yuzasidan Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va BMTga murojaat qilgan.
«Ukrainskaya pravda» nashrining yozishicha, 17 sentyabr kuni ertalab ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan videoda ukrainalik harbiy kiyimdagi erkak «Kursk uchun» deb yozilgan qilich bilan o‘ldirilgani aks etgan. Qonli jasad yo‘lda shikastlangan texnika va derazalari singan uy fonida yotardi. Bu aniq qayerda sodir bo‘lganligi noma’lum.
«Varvarlik va qonxo‘rlik darajasi tushunarsiz. Bunday harakatlar harbiy asirlar bilan muomala qilish to‘g‘risidagi Jeneva konvensiyasini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi!» — deb yozdi Lubines o‘zining Telegram-kanalida.
U xalqaro tashkilotlarga «Rossiya tomonidan inson huquqlarining navbatdagi buzilishini hujjatlashtirish uchun» murojaat qildi. Shuningdek, uning fikricha, bunday namoyishkorona qotilliklar Ukraina jamiyatini ruhiy tushkunlikka tushirishga qaratilgan.