Qozog‘istonning Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Atirau viloyatidagi sarmat davri qabristonlarida olib borilgan qazishmalar natijasida asrlar davomida saqlanib kelgan qadimiy artefaktlar topildi.
Atirau viloyati ma’muriyatining xabariga ko‘ra, viloyatdagi "Qorabau-2" qo‘rg‘onida so‘nggi ikki yil mobaynida arxeologik qazish ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu joyda to‘qqizta qabr ochilgan bo‘lib, ularning yettitasidan miloddan avvalgi VI asrdan milodiy IV asrgacha mintaqada yashagan ko‘chmanchi otliq xalq - sarmatlarning artefaktlari topilgan. Topilmalar orasida zargarlik buyumlari, qurollar, sopol idishlar va inson qoldiqlari mavjud.
Topilgan ashyolar ilk bor Atirau milliy tarix muzeyida o‘tkazilgan ko‘rgazmada namoyish etildi. Tashrif buyuruvchilarning e’tiborini o‘ziga jalb qilgan eng diqqatga sazovor buyumlardan biri taxminan 370 gramm og‘irlikdagi oltin bilaguzuk bo‘ldi. Bilaguzuk har ikki tomonida tog‘ qoplonlari tasviri bilan bezatilgan.
Qozoq arxeologi Marat Kasenovning ta’kidlashicha, tarixchilar bir paytlar Atirau hududini Sarmatiya imperiyasining bir qismi deb hisoblagan - bu nazariya endi ushbu qazishmalar orqali o‘z tasdig‘ini topgan. "Sarmatiya davriga oid topilmalarning umumiy soni 1000 ga yaqin bo‘lib, ulardan 100 tasi oltin taqinchoqlardir. Zargarlik buyumlarida ko‘pincha bir vaqtlar bu hududda yashagan qoplonlar, yovvoyi cho‘chqalar va yo‘lbarslar kabi yirtqich hayvonlarning tasvirlari aks ettirilgan. So‘nggi qazishmalarimizda biz mamlakatimizda ilgari hech qachon topilmagan ikkita yaxshi saqlangan yog‘och idish (yoki kosa)ni topdik," deya qo‘shimcha qildi Kasenov.