Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 54 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus YTHga uchradi.
Qozog‘istonning vakolatli idoralari ma’lumotiga ko‘ra, 30 noyabr kuni soat 21:00 da Rossiya Federasiyasi – Aqto‘be – Qizilo‘rda – Olmaota respublika ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lida Moskva – Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib kelayotgan VanHool rusumli yo‘lovchi avtobusi yo‘l-transport hodisasiga uchragan.
Hodisa vaqtida avtobusda 54 nafar O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan. YTH oqibatida jabrlanuvchi va halok bo‘lganlar yo‘q.
Barcha yo‘lovchilar favqulodda vaziyatlar xizmati va polisiya xodimlari tomonidan Aqto‘be viloyati Aytekebi tumani, Qorabutoq qishlog‘idagi masjidga vaqtincha joylashtirildi. Fuqarolarga oziq-ovqat va zarur yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Fuqarolarni O‘zbekistonga boshqa avtobus orqali tezkor ravishda qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Vaziyat O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi va Bosh konsulligi tomonidan to‘liq nazoratga olingan bo‘lib, Qozog‘iston tomonining mas’ul idoralari bilan doimiy aloqa o‘rnatilgan.