Olmaotada is gazidan zaharlanish oqibatida 52 kishi, jumladan, bolalar jabrlandi, deb xabar berdi Qozog‘istonning Orda nashri.
Hodisa Olmaota-2 vokzaliga kelgan poyezdda sodir bo‘lgan, uni 13 ta tez yordam brigadasi kutib olgan. Jabrlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan.
«10 nafar bola shifoxonaga yotqizildi, ikki nafari jonlantirish bo‘limiga joylashtirildi. Qolganlarga tekshiruvdan so‘ng, yashash joyida ambulator davolanish tavsiya etildi», deb izoh berdi Olmaota jamoat salomatligi boshqarmasi.
«Qozog‘iston temir yo‘llari» kompaniyasining ma’lum qilishicha, zaharlanish sodir bo‘lgan poyezd xususiy tashuvchiga tegishli va u suratga olish jarayoni uchun kinostudiyaga berilgan. Hodisaning boshqa tafsilotlariga aniqlik kiritilmagan.
Guvohlardan birining aytishicha, jabrlanganlar Janubiy Koreya serialini suratga olish jarayonida ishtirok etgan. Kastingga kelgan odamlar «uzoq dashtga» olib borilgan.
Transport polisiyasi departamentining ma’lum qilishicha, holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 156-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.