Bugun 18 may, 2026 yil, dushanba

КИР

Qozog‘iston suv tanqisligiga duch kelishi mumkin – BMT

A A A
Qozog‘iston suv tanqisligiga duch kelishi mumkin – BMT

Qozog‘iston "suvga qaram" davlat bo‘lib, mamlakat hududining atigi 2,8 foizi suv bilan qoplangan, uchdan ikki qismi qurg‘oqchil zonalardir. Suv resurslarining salmoqli qismi qo‘shni davlatlardan olinadi, shuning uchun ham respublika uchun transchegaraviy daryolardan foydalanish masalasi o‘ta muhim ahamiyatga ega.

BMT Taraqqiyot Dasturi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda mintaqada iqlim o‘zgarishi kuzatilmoqda: kutilmagan sovuq yoki jazirama to‘lqinlar kuchaygan, tez-tez qurg‘oqchilik yuz beryapti, suv tanqisligi kuchaymoqda.

Qirg‘iziston va Tojikistondagi muzliklar – Markaziy Osiyoning "suv minoralari" qisqarmoqda. Markaziy Osiyodagi chuchuk suvning qariyb 60 foizi Tojikistondagi muzliklarda to‘plangan. So‘nggi bir necha o‘n yillikda ularning hajmi 30 foizga qisqarib, mingdan ortiq muzliklar deyarli butunlay yo‘q bo‘lib ketdi. Shu bilan birga, oxirgi yillarda mintaqada qurg‘oqchilik va chang bo‘ronlari deyarli ikki baravar ko‘paygani qayd etilmoqda.

Yaqinda BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan Qozog‘istonda hukumat va boshqa hamkorlar bilan birganlikda ECOJER - Green Life Better xalqaro kongressi o‘tkazildi. Ushbu anjuman ishtirokchilarining asosiy diqqat markazida ham suv muammosi bo‘ldi.

Tadbirda qatnashgan ekspertlarning fikricha, yigirma yildan so‘ng Qozog‘istonda suv iste’moli 56 foizga ortadi, suv tanqisligi esa yiliga yigirma kub kilometrdan oshishi mumkin.

“Ko‘rinib turibdiki, biz javob choralariga kechikdik. Yangi Suv kodeksida nafaqat suvdan oqilona foydalanishga, balki iloji boricha suv resurslarini himoya qilishga e’tibor qaratish lozim. Qozog‘istondagi suv muammosiga ko‘z yumish – o‘z joniga qasd qilish bilan barobar. Harakatsizligimiz bilan biz farzandlarimiz va nevaralarimizni tahlikada qolishga mahkum qilamiz”, — dedi spikerlardan biri, Qozog‘iston parlamenti deputati Lazzat Ramazonova.

Ko‘p yillar davomida BMTning Taraqqiyot Dasturi suv resurslarini barqaror boshqarish sohasida Qozog‘iston hukumatining asosiy hamkori bo‘lib kelgan.

"Bugungi kunda iqlim o‘zgarishining ko‘plab oqibatlari suv resurslari orqali seziladi. Biz Qozog‘istonning qadamlarini yuqori baholaymiz hamda odamlar va sayyoramiz barqaror rivojlanishi uchun hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyormiz”, — dedi BMT Taraqqiyot Dasturining Qozog‘istondagi doimiy vakili Yakup Berish.

Kiritildi: 05:30 30.06.2022. O'qildi: 4266 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!