Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabaning 81 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etish uchun Moskvaga boradi.
Bu haqda prezident maslahatchisi va matbuot kotibi Aybek Smadiyarovning rasmiy Telegram kanalida e’lon qilindi.
Kreml yaqinlashib kelayotgan tashrif haqida allaqachon izoh berib, uni Qozog‘iston rahbarining «do‘stona qadami» deb atadi.
«Tashrif doirasida Qosim-Jomart To‘qayev va Vladimir Putin o‘rtasida alohida uchrashuv rejalashtirilgan. Davlat rahbarlari Rossiya prezidentining may oyi oxiriga rejalashtirilgan Qozog‘istonga tashrifi oldidan strategik hamkorlikning asosiy masalalarini muhokama qilishadi», deyiladi bayonotda.
Biroz avval O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga jo‘nab ketgandi.
Avvalroq Kreml veb-saytida Moskvadagi paradga taklif qilingan xorijiy rahbarlar va yuqori martabali mehmonlarning rasmiy ro‘yxati e’lon qilingan edi. Biroq, ro‘yxatda Markaziy Osiyo mamlakatlari prezidentlari yo‘q edi.
Ayni paytda, Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov bu yil Moskva 2025 yilda bo‘lgani kabi «xorijiy mehmonlarni maxsus taklif qilmaganini» aytdi.