Savol: “Negadir keyingi paytlarda qornim ko‘p quldurayapti. Buning sababi nima? Uni bartaraf qilish mumkinmi?”
Nurbek, Xorazm viloyati.
Oliy toifali shifokor Yorqinoy Toshpo‘latova javob beradi:
–Qorin quldurashi bir qator sabablar masalan, parhezning buzilishi, hazm qilish a’zolari faoliyatidagi nosozliklar, hatto asab tizimi kasalligi – nevroz tufayli ham paydo bo‘lishi mumkin. Quldurash sababini shikoyatlarga qarab (jig‘ildon qaynaydimi, sutkaning qaysi paytida kuzatiladi, uni nima qo‘zg‘atishi mumkin va hokazo) faqatgina shifokor aniqlaydi.
Bunday alomatlarning eng ko‘p sababi gaz hosil qiluvchi mahsulotlar hisoblanadi. Bularga dukkaklilar, turp, karamning barcha turlari, kartoshka, shovul, uzum, xom piyoz, sholg‘om, yangi sog‘ilgan sut, qora non kabilar kiradi.
Bu muammoni bartaraf etish uchun ovqatlanish tartibiga rioya qiling: har doim bir xil vaqtda ovqatlaning, taomlanish oralig‘i juda uzoq bo‘lmasligi kerak. Ortiqcha gaz hosil qiladigan mahsulotlar iste’molini cheklang, nordon gazlangan ichimliklarni kamroq iching. Tarkibida oqsil bo‘lgan mahsulotlar: go‘sht, baliq, tvorog, qatiq va boshqalarni yeyishga harakat qiling.
Har qanday noto‘g‘ri tutilgan parhez hazm qilish a’zolari ishini buzadi. Ovqatni kam-kamdan yaxshilab chaynab, shoshilmasdan yeyish kerak. Ovqatlanish paytida asabiylashmaslik muhim. Va, albatta, jiddiy kasallik yo‘qligini bilish uchun gastroenterolog shifokorga murojaat qilish zarur.
Manba: darakchi.uz