Bugun 7 may, 2024 yil, seshanba

КИР

Qonunchilikni yangilashdan maqsad nima deysizmi? Unda ushbu maqolani o‘qing!

Qonunchilikni yangilashdan maqsad nima deysizmi? Unda ushbu maqolani o‘qing!

Davlatimiz rahbarining joriy yilning 24 yanvarida Parlamentga murojaatnomasida “Qonunchilikni yangilashdan maqsad faqat qonun qabul qilish emas, aksincha, yangi qonunlar ertaga odamlarga qanday amaliy naf berishi, ularning hayotini qanday yengillashtirishi haqida bosh qotirishdan iborat bo‘lmog‘i lozim”ligi barchaga uqtirilgan.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv tamoyili qo‘llanilishini yanada kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilindi.

Shu bilan birga, sud-tergov amaliyotini tahlil qilish va fuqarolar murojaatlarini o‘rganish natijalari jinoyat prosessida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha mexanizmlar to‘liq ishga solinmaganligidan, shuningdek, qonunchilikda jinoyat ishlarini tergov qilish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatlarini aniq belgilash bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Prezidentimizning 2020 yilning 10 avgustida “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlari qabul qilindi.

Mazkur Farmonda jinoyatlarni fosh etish faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilishi nazarda tutilgan.

Jumladan, amaldagi jinoyat-prosessual qonunchiligida ham “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunda ham tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar tomonidan muayyan jinoyat ishi yuzasidan qanday prosessual harakatlarni amalga oshirish mumkinligi to‘g‘risida hech qanday tartib belgilanmagan bo‘lib, ushbu faoliyatni ular tomonidan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudning topshirig‘i bilan, shuningdek “Tezkor-qidiruv faoliyati to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra amalga oshirilib kelinmoqda.

Bundan tashqari, qonunchilikda tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olish jarayonida himoyachining ishtiroki to‘g‘risida norma mavjud emas.

Farmonda ana shu bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida,

tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko‘rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo‘lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 226-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchini ushlab turish muddati ular ushlangan vaqtdan emas balki, huquqni muhofaza qiluvchi organga olib kelingan vaqtdan hisoblanayotganligi bois jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxsni ushlab turish muddatini u haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblashni ko‘zda tutuvchi normani kiritish belgilanmoqda.

Bundan tashqari, prosessual qonunchilikda, ushlab turilgan shaxsga himoyachi bilan birinchi xoli uchrashuvga birinchi so‘roqqacha ruxsat berilishi belgilangan. Biroq, mazkur norma ushlangan shaxsga nisbatan prosessual harakatlarni amalga oshirishdan oldin himoyachi bilan holi uchrashishi shartligini ko‘rsatmaydi.

Shu sababli, Farmonda shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bog‘liq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi haqidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab u bilan bog‘liq prosessual harakatlarni o‘tkazishdan oldin uning advokat bilan xoli uchrashishi ta’minlanishi shartligini belgilash ko‘zda tutilgan.

Mazkur Farmon bilan yana bir shunday tartibni o‘rnatish nazarda tutilyapdiki, bunda shaxsning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, prosessual harakatlarning sifatini oshirish, jinoyat prosessida dalillarni to‘plash va mustahkamlash, ularga baho berish tizimini ilg‘or xorijiy tajribada keng qo‘llaniladigan isbotlash standartlarini inobatga olinganligini ko‘rish mumkin. Ya’ni, jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og‘ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so‘roq qilish imkoniyati bo‘lmagan taqdirda, ularning ko‘rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo‘yish tartibini joriy qilish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi JPKning 51-moddasida himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar belgilangan bo‘lsa, 243-moddasida qamoqqa olish yoki uy qamog‘ini qo‘llash jarayonida himoyachining ishtiroki tavsiyaviy harakterga ega ekanligini ko‘rish mumkin. Farmon bilan himoyachi ishtirok etishi shart bo‘lgan holatlar ko‘payib, o‘ta og‘ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo‘yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash ko‘zda tutilgan.

Yuqoridagi o‘zgarishlarning barchasi mamlakatimizning farovon turmushi, xalqning, qolaversa fuqarolarning huquq va manfaatlari yo‘lida amalga oshirilayotganligini barchamiz bilishimiz lozim. Demokratik huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish olib borilayotgan islohatlarning asosi hisoblanadi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda “O‘zbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytara olmaydi”.

Uchqun Samandarov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyat sudi katta mutaxassisi

 

Kiritildi: 22:57 14.08.2020. O'qildi: 3158 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!