Yaqin vaqtlargacha qon bosimini o‘lchashda xorijiy ekspertlar qaysi indikator muhimligi borasida turli fikrlarda bo‘lishgan. Va nihoyat, Amerikalik tadqiqotchilar ushbu masalaga oydinlik kiritishdi.
Qon bosimini o‘lchashda ikkita parametr aniqlanadi:
1- sistolik bosim. Yuqori ko‘rsatkich – yurakning to‘liq qisqarishi paytida tomirlardagi maksimal bosimni o‘lchaydi (u yuqori yoki yurak sistolik bosimi deyiladi).
2- diosistolik bosim. Pastki ko‘rsatkich orqali yurakning to‘liq bo‘shashishi vaqtida tomirlardagi minimal bosimni o‘lchaydi. Bu diastolik pastki qon tomir bosimi yoki buyrak bosimi deb ataladi, chunki yurak bo‘shashgan paytda tomir tonusi asosan buyraklarni tartibga soladi.
AQShda o‘tkazilgan tadqiqot shuni isbotladiki, sistolik va diastolik bosimni aniqlashda ikki parametr ham muhim ahamiyatga ega.
Ko‘tarilgan pastki (diastolik) bosim yuqori (sistolik) bosim kabi yurak va qon-tomirlari bilan bog‘liq muammolarning ko‘rsatkichi hisoblanadi. Ammo kasallik yosh bilan bog‘liq bo‘lsa, sistolik bosim yanada muhimroq ahamiyatga ega bo‘ladi.
Bunday xulosalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Gap shundaki, amerikalik olimlar 2007-2016 yillar davomida 1,3 million nafar bemorning qon bosimini 36 million martadan ko‘proq o‘lchagan. Shifokorlar tadqiqot ishtirokchilarining yoshi va kasallik tarixi bilan yaqindan tanish bo‘lishgan.
Katta masshtabda o‘tkazilgan tadqiqot yuqori qon bosimi bir qator yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshirishini tasdiqladi. Eslatib o‘tamiz, yuqori qon bosimi kasalligi turli davlatlarda turlicha nomlanadi.
• Masalan, Yevropada bemorning qon bosimi 140ga 90 bo‘lsa, unga gipertoniya tashxisi qo‘yiladi.
• Qo‘shma Shtatlarda esa, bu ko‘rsatkich biroz pastroq bo‘ladi. Ya’ni bemorning qon bosimi 130ga 80 bo‘lsa, u gipertoniyaga chalingan hisoblanadi.
• O‘zbekistonda ham 140ga 90 bo‘lgan bosim gipertoniyaga chalinganlikni bildiradi.
Ilmiy ish mualliflarining so‘nggi xulosalariga ko‘ra, qon bosimini o‘lchashda ikkala chegara parametrlari muhim ahamiyatga ega. Yurak xuruji va qon tomir kasalliklarini aniqlashda pastki (diostolik) bosimga ham e’tiborli bo‘lish juda muhim.