Turkiyaning Istanbul shahri Kartal tumanida 28 yoshli o‘zbekistonlik ayol moliyaviy qiyinchiliklar tufayli yuzaga kelgan janjal chog‘ida erini pichoq bilan yaralab, o‘ldirdi. Bu haqda «Nefes Gazetesi» xabar berdi.
Voqea joriy yilning 6 aprel kuni soat 21:30 atrofida Karliktepa mahallasidagi binoning uchinchi qavatidagi kvartirada yuz bergan. Aytilishicha, O‘zbekiston fuqarosi S.T. va turmush qurganiga 4 yil bo‘lgan Emre Erim o‘rtasida moliyaviy sabablarga ko‘ra janjal kelib chiqqan. Janjal tezda mushtlashuvga aylanib ketgan. Bundan g‘azablangan ayol oshxonadagi pichoq bilan turmush o‘rtog‘i Emre Erimga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan erkak vafot etgan.
Marhumning jasadi ekspertiza uchun Sud tibbiyot institutiga yuborilgan. Kartal tumani IIBga qarashli polisiya guruhlari tomonidan olib borilgan ishlar chog‘ida qochishga uringan S.T. qo‘lga olingan. Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.