Bishkekning Birinchi may tumani sudi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining iltimosiga ko‘ra O‘sh shahridagi “Rus uyi” (“Rossotrudnichestvo” tarkibidagi tuzilma) xodimasi Natalya Sekerinani 17 iyungacha hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqardi. Bu haqda sud matbuot kotibiga tayanib, “Interfaks” xabar berdi.
Mazkur jinoyat ishi doirasida O‘sh shahar hokimiyati matbuot xizmati xodimi Sergey Lapushkin ham hibsga olingan. Bundan tashqari, Lapushkin bilan birga yana ikki kishi qo‘lga olingan, ularning shaxsi ochiqlanmagan.
Barcha to‘rt nafar shaxs Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining “Yollanma jangchilik” moddasi bo‘yicha ayblanmoqda. Bu modda 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni nazarda tutadi.
Sud ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar odamlarni Ukrainadagi urushda qatnashishga yollaganlikda gumon qilinmoqda.
“Mediazona” nashrining eslatishicha, 2023 yilda Qirg‘izistonda Asqar Qubanichbek uulu ismli shaxs Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida qatnashganlik ishi bo‘yicha 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Keyinchalik hukm yengillashtirilib, unga har oy ikki marta huquq-tartibot organlariga borib qayd etilish majburiyati yuklatilgan. 2024 yil yozida Qubanichbek uulu Rossiyaga qochgani va yana frontga jo‘nab ketgani aniqlangandi.