Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on ma’lumotlar tarqatish uchun javobgarlikni nazarda tutadigan qonunni imzoladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Qonunga ko‘ra, jamiyat yoki davlat manfaatlariga zarar yetkazuvchi, jamoat tartibini buzishga sabab bo‘luvchi yoki shaxslar va tashkilotlar huquqlarini poymol etuvchi yolg‘on ma’lumotlarni tarqatganlik uchun jismoniy shaxslar 200 hisob-kitob ko‘rsatkichi (HKK), yuridik shaxslar esa 650 HKK miqdorida jarima to‘laydi.
2025 yilda Qirg‘izistonda bir hisob-kitob ko‘rsatkichi 100 somni tashkil etadi. Shu asosda jarima miqdori jismoniy shaxslar uchun 20 ming som (taxminan $229), yuridik shaxslar uchun esa 65 ming som (taxminan $743) etib belgilangan.
Mazkur chora yolg‘on axborot tarqalishining oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingani ta’kidlanmoqda.