Qirg‘izistonda 2026 yilgi Haj kvotasi ro‘yxatga olish tizimi ochilganidan so‘ng bir soat ichida to‘ldi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari diniy idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Haj ziyoratiga borish istagida bo‘lganlardan hujjatlarni qabul qilish kecha, 23 sentyabr kuni boshlangan va kvota to‘ldirilgani sababli atigi bir soatdan keyin yopilgan.
“Ro‘yxatga olish varaqalari tez to‘ldirilgani uchun to‘lovlarni qabul qilish to‘xtatildi. Bu kvotaning tugab bo‘lganini anglatadi”,— deydi diniy tashkilot vakili Maqsad Otaboyev.
Uning aniqlik kiritishicha, joriy yilda 6000 ta o‘rin ajratilgan va 2600 kishi avvalgi kvota bo‘yicha navbatlar ro‘yxatida qolgani bois ular birinchi bo‘lib ruxsatnoma olgan. Qolgan 3400 ta o‘rin uchun ro‘yxatdan o‘tish e’lon qilingan edi va u bir soat ichida yopildi.