Bugun 11 sentyabr, 2026 yil, juma

КИР

Qirg‘izistonda "Bishkek Arena" xarajatlari maxsus komissiya tomonidan tekshiriladi

Qirg‘izistonda "Bishkek Arena" xarajatlari maxsus komissiya tomonidan tekshiriladi

Qirg‘iziston prezidenti matbuot kotibi Askat Alagozov Bishkekda barpo etilgan "Bishkek Arena" stadioni qurilishiga 386 million dollar sarflanganini ma’lum qildi. U inshoot qiymati 60 million dollar atrofida bo‘lgani haqida avval tarqalgan xabarlarni rad etdi.

Alagozovning tushuntirishicha, dastlab 30–35 ming tomoshabinga mo‘ljallangan oddiy stadion qurish rejalashtirilgan va uning taxminiy qiymati 60–70 million dollar atrofida baholangan. Keyinchalik prezident Sadir Japarov loyihani tubdan o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq bergan.

Yangi konsepsiyaga ko‘ra, stadion qirg‘iz o‘tovi shaklida barpo etilgan. Shuningdek, inshootni saqlash xarajatlari kelajakda davlat byudjetiga og‘irlik qilmasligi uchun uning tarkibiga savdo markazlari, restoranlar, kinoteatrlar, sport zallari va boshqa tijorat ob’ektlari ham kiritilgan.

Loyiha ko‘lamining kengayishiga FIFA talablari ham ta’sir qilgan. Jahon miqyosidagi yirik musobaqalarni qabul qilish imkoniyatini yaratish maqsadida stadion sig‘imi 51 252 tomoshabinga yetkazilgan.

"Bishkek Arena"ning umumiy maydoni 194 248 kvadrat metr, balandligi esa 70 metrni tashkil etadi. Inshootda 36 ming kvadrat metrlik savdo markazi, 48 ta do‘kon, supermarket, 23 ta restoran, 11 ta kafe, 4 ta kinozal, sport zali va bolalar maydonchasi joylashgan.

Alagozovning aytishicha, stadion kelajakda o‘z xarajatlarini qoplab, doimiy daromad manbaiga aylanishi kutilmoqda. Hozirdanoq arenadan konsertlar va boshqa pulli tadbirlar uchun foydalanish bo‘yicha takliflar tushayotgani aytildi.

Shu bilan birga, prezident topshirig‘iga asosan Hisob palatasi va boshqa davlat idoralari vakillaridan iborat maxsus komissiya tuzilgan. Komissiya qurilish xarajatlari, materiallardan foydalanish va ish haqi to‘lovlarini o‘rganib chiqadi. Tekshiruv natijalarini jamoatchilikka e’lon qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda ham "Yangi Toshkent" stadioni qurilishi boshlangan. Loyiha qiymati 100 million dollar bo‘lib, arena FIFA standartlariga javob berishi va zamonaviy futbol infratuzilmalaridan biriga aylanishi kutilmoqda.

Kiritildi: 15:57 10.09.2026. O'qildi: 434 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!