2024 yilda Qirg‘izistonda elektr energiyasi iste’moli 17,8 milliard kVt/soatni tashkil etdi, 2025 yilning oxiriga kelib esa bu ko‘rsatkich 19 milliard kVt/soatga yetishi kutilmoqda. Bu esa joriy kuz-qish mavsumiyoq mamlakatda jiddiy elektr energiyasi tanqisligiga olib kelishi mumkin.
Qirg‘iziston hukumati 2025 yil oktyabr, noyabr va dekabr oylarida, ayniqsa yirik shaharlardagi yuklama yuqori bo‘lgan soatlarda, elektr energiyasi navbatma-navbat o‘chirilishi ehtimoli yuqori ekanligini ma’lum qildi. Aholidan elektr energiyasini tejash so‘ralmoqda, xususan, uylarida elektr yoqiluvida isitishdan butunlay voz kechish tavsiya qilinmoqda. Bu holatda jamiyatning ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlari eng og‘ir ahvolda qolishi mumkin, chunki ko‘mir, yog‘och va boshqa yoqilg‘i turlari narxining oshib borishi muqarrar.
Hukumat tomonidan biznes va tijorat korxonalariga maxsus og‘oxnomalar yuborilgan, chunki ular odatda aholiga nisbatan ancha farq qiluvchi tariflar bo‘yicha elektr energiyasini oladi. Yuklamani kamaytirish maqsadida katta shaharlarda ko‘cha yoritgichlari va reklama yoritish vositalari o‘chirib boriladi.
Qirg‘iziston energetika vaziri Taalaybek Ibrayev ma’lum qilishicha, joriy kuz-qish mavsumida yuzaga kelgan elektr tanqisligining asosiy sababi Toqto‘g‘ul suv omborida suv sathining tanqis darajada kamayishidir. Bu ombor elektr energiyasining asosiy qismi ishlab chiqariladigan Toqto‘g‘ul GES kaskadining yuragi hisoblanadi.
Qirg‘izistonning energetika tizimi quyidagicha ishlaydi: Toqto‘g‘ul, Qo‘rpsoy va Toshqo‘mir GESlari asosiy elektr energiyasini ishlab chiqaradi. Toqto‘g‘ul suv ombori faqat generasiya manbasi bo‘libgina qolmay, balki Qozog‘iston va O‘zbekistonga yozda sug‘orish uchun suv jo‘natishda ham muhim rol o‘ynaydi. Yozda ortiqcha energiya eksport qilinadi, qishda esa, iste’mol ortib, ishlab chiqarish pasayganida, Qirg‘iziston majburiy ravishda elektr energiyasini import qiladi.
Ibrayev ta’kidlashicha, agar 2024 yilda Toqto‘g‘ul suv omborida suv hajmi 12,4 milliard kub metrni tashkil etgan bo‘lsa — bu allaqachon yetarli emas deb baholangan — joriy yilda bu hajm yana 1,6 milliard kub metrga kamaygan va o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha past bo‘lib, elektr ishlab chiqarishda katta pasayishga olib kelishi aniq.
2023 yil iyul oyida Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov farmoni bilan energetika sohasida favqulodda holat rejimi (FHR) joriy etilgan edi. Bu rejim rasman tender va sarmoya jalb qilish jarayonlarini soddalashtirish, hamda infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirishga qaratilgan bo‘lsa-da, amalda u sohaga xos chuqur va yillar davomida yechilmagan muammolarni tan olishga majburiy qadam bo‘ldi.
Joriy kuz-qish mavsumida elektr energiyasida jiddiy tanqislik kutilganini inobatga olgan holda, FHR rejimi amalda kutilayotgan samarani bermagani qayd etish mumkin. Hozirda Qirg‘iziston tomonidan yiliga 4 milliard kVt/soat elektr energiyasi import qilinmoqda, biroq bu yil qo‘shni mamlakatlarda ham shunga o‘xshash tanqislik yuzaga kelayotgani tufayli, import hajmi sezilarli darajada cheklanishi mumkin.
Ta’kidlash joizki, 2010 yilda yuz bergan inqilobga ham aynan energetikadagi tanqislik, yuqori tariflar va uzilishlar sabab bo‘lgan. O‘shanda prezident Qurmanbek Boqiyev xalq noroziligi sababli hokimiyatdan chetlatilgan edi. Shunga qaramay, amaldagi hokimiyat bu fojiali voqealardan tegishli xulosa chiqarmagani ayon bo‘lmoqda.