Bugun 17 noyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Qatar va Turkiya o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

Qatar va Turkiya o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

Turkiya va Qatar mudofaa, savdo, ta’lim va diplomatiya sohalarida hamkorlik qilish bo‘yicha beshta kelishuvni imzoladi. Shuningdek, tomonlar mintaqada tinchlikni ta’minlash yo‘lida birgalikda harakat qilishga kelishib oldi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Anqara va Doha Fors ko‘rfazi mintaqasida urushning yangi to‘lqinining oldini olish, muloqot va tinchlik uchun sharoit yaratish borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarni davom ettirishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, tomonlarni kelishmovchiliklarni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga ishontirish zarur.

Bu haqda Turkiya prezidenti juma kuni Istanbuldagi Dolmabahche saroyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qildi. Muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlar, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilindi.

Turkiya — Qatar Oliy strategik qo‘mitasining 12-yig‘ilishi doirasida tomonlar hamkorlik bo‘yicha beshta kelishuvni imzoladi. Hujjatlarni imzolash marosimi ikki davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralaridan so‘ng bo‘lib o‘tdi.

Kelishuvlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bozorni nazorat qilish, ta’lim, diplomatiya hamda mudofaa sohalarini qamrab olgan. Xususan, tomonlar tinchlikni ta’minlash, yarashtirish va nizolarni hal etish masalalarida hamkorlik qilishga kelishib oldi. Shuningdek, Oliy strategik qo‘mita yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonot imzolandi.

Prezident Erdog‘an shu kuni imzolangan Turkiya va Qatar o‘rtasidagi o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitim ikki davlat munosabatlariga yangi mazmun bag‘ishlashini ta’kidladi.

Iqtisodiy hamkorlik haqida to‘xtalar ekan, Turkiya rahbari o‘tgan yili kuchga kirgan Savdo-iqtisodiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini belgilangan maqsadga yetkazishga yaqinlashtirganini qayd etdi.

Shuningdek, Rajab Toyyib Erdog‘an Turkiya Qatar bilan energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirish va diversifikasiya qilish ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi. U ikki davlatning mudofaa sanoati sohasidagi hamkorligi ham kengayib borishini ta’kidladi.

Kiritildi: 10:14 14.11.2026. O'qildi: 541 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik