“Kazinform” axborot agentligi xabar berishicha, Qozog‘iston parlamenti senati Qatar bilan iqtisodiyotning muhim tarmoqlarida qo‘shma loyihalar yo‘lga qo‘yishga qaratilgan uzoq muddatli strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitimni ratifikasiya qildi.
Telekommunikasiya, energetika, transport, neft-kimyo, qishloq xo‘jaligi va moliya kabi sohalarga sarmoya kiritilishi nazarda tutilgan shartnomada investorlarni mulkni majburiy olib qo‘yishdan himoya qilish, soliqqa tortish tartibi barqarorligi, shuningdek soliq va bojxona bilan bog‘liq turli imtiyozlar taqdim etilishi ham kafolatlangan.
Milliy iqtisodiyot vazirligi izoh berishicha, kelishuv quyidagi aniq maqsadlarni ko‘zlaydi: yangi aloqa operatori yaratish, Qashag‘on konida gazni qayta ishlash zavodi qurish, Beyneu – Bo‘zoy – Chimkent gaz quvuri ikkinchi tizimini yotqizish, Qizilo‘rda viloyatidagi elektr stansiyasi va Irtish daryosidagi GES uchun sarmoya kiritish.
Avvalroq Qozog‘iston va Qatar o‘rtasida harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ratifikasiya qilingani haqida xabar berilgandi.