Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar organlari xodimlarini jalb qilgan holda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida “Jihodchilar” diniy ekstremistik oqimining yashirin jamoati fosh etildi.
Xususan, Qarshi tumanida yashovchi, 1977 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 155, 159, 244 prim 1, 244 prim 2 va boshqa moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha bor sudlangan, o‘ta xavfli residivist Qarshi shahri hamda Qarshi tumanida istiqomat qiluvchi, 1964-1986 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 7 nafar fuqaroni jalb qilgan holda noqonuniy diniy jamoat tuzgan.
Tergov davrida aniqlanishicha, guruh a’zolari o‘z yashash xonadonlarida yig‘ilishlar o‘tkazib, “halifalik davlati” barpo etish masalalarini muhokama qilishgan.
Shuningdek, ular ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlarni g‘oyaviy da’vatchilarining jihod, hijrat, halifalik to‘g‘risidagi audio-video materiallarni o‘zaro bir-birlariga tarqatib, o‘z saflarini kengaytirish maqsadida boshqa fuqarolar ongiga ham ekstremistik g‘oyalarni singdirishga harakat qilishgan.
Ta’kidlash lozimki, guruh yetakchisi va a’zolarining 4 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun umrining ma’lum bir qismini panjara ortida o‘tkazgan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar tegishliligi bo‘yicha Jinoyat Kodeksining 159, 244 prim 1 va 244 prim 2-moddalari bilan aybli deb topilib, ularga 6 yildan 10 yil 6 oygacha bo‘lgan muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.