Bugun 2 may, 2024 yil, payshanba

КИР

Qashqadaryoda ikki yoshli qizaloq emlashdan so‘ng falaj bo‘lib qoldi. U noto‘g‘ri emlanganmidi?

Qashqadaryoda ikki yoshli qizaloq emlashdan so‘ng falaj bo‘lib qoldi. U noto‘g‘ri emlanganmidi?

Bir qator manbalarda Qashqadaryo viloyati, Ko‘kdala tumanida ikki yoshli qizaloq noto‘g‘ri emlanganligi sababli falaj bo‘lib qolganligi to‘g‘risida xabar berilgan edi.

Bu holat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangani to‘g‘risida avval ma’lum qilgan edik. Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati viloyat boshqarmasi mutaxassislari tomonidan mazkur holat batafsil o‘rganildi.

Aniqlanishicha, Ko‘kdala tumani Naymansaroy mahallasida yashovchi, 2020 yilda tug‘ilgan F.S. mazkur mahalladagi Galabek oilaviy shifokor punktida ro‘yxatda turadi. Respublika bolalar milliy tibbiyot markazida unga "o‘tkir bo‘shashgan shol, Giyen-Barre sindromi (?)" tashxisi qo‘yilgan. Mazkur kasalliklar kelib chiqish sababini aniqlash uchun epidemiologik surishtiruv o‘tkazilib, bemorning tibbiy emlash va rivojlanish kartalari o‘rganildi.

Galabek oilaviy shifokor punktida 6 oylikdan 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun 730 doza qizamiq va qizilchaga qarshi vaksina olingan. 700 nafar bolada mazkur turdagi emlashlar o‘tkazilgan. Emlangan bolalar bo‘yicha surishtiruuv olib borilganida ularning hech birida emlashdan keyingi nojo‘ya ta’sirlar kuzatilmagan. Shular qatorida bemor F.S. 2022 yil 23 noyabr kuni shifokor ko‘rigidan keyin shamollash belgilari bo‘lmaganligi sababli emlashga ruxsat berilgan. Bolaning otasining so‘zlariga ko‘ra, emlashdan so‘ng kechasi bemorning harorati ko‘tarilgan. Avvaliga xususiy shifoxona, so‘ng Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi mutaxassisi tomonidan berilgan tavsiyalar asosida uy sharoitida davo muolajalari qilingan. Ahvoli yaxshilanmagach, Samarqanddagi shifoxonada davolanish davom ettirilgan. Ijobiy o‘zgarish kuzatilmaganligi sababli respublika bolalar milliy tibbiyot markazida tekshiruvdan o‘tkazilib, yuqorida qayd etilgan tashxis asosida muolajalar qilingan. Yaxshi tomonga o‘zgarish bo‘lganidan keyin uyiga javob berilgan.

Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati virusologiya xizmati laboratoriyasi tomonidan 2022 yil 21 dekabrda olib kelingan bemor F.S.ga tegishli material o‘tkir bo‘shashgan shol kasalligiga tekshirilganida manfiy natija qayd etilgan. Ya’ni bolada bu kasallikni keltirib chiqaruvchi poliomiyelit va enteroviruslar aniqlanmagan.

O‘rganish xulosalariga ko‘ra, bemorda kuzatilgan kasallik emlash asorati emasligi aniqlandi. Tashxis: "o‘tkazilgan neyroinfeksiya asorati pastki paraparez". Ayni paytda bola viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olinib, uy sharoitida parvarishlanmoqda, unda ijobiy tomonga o‘zgarish kuzatilmoqda.

Shu o‘rinda eslatib o‘tish zarurki, Milliy emlash taqvimi asosida bolalar o‘rtasida o‘tkaziladigan 13 turdagi kasallikka qarshi bepul emlashlar qatoriga kiradigan qizamiq va qizilchaga qarshi vaksinasiya jarayoni davlatimizning xalqimiz salomatligi yo‘lidagi ulkan g‘amxo‘rligi namunasidir. Bu jarayonning ahamiyatini to‘g‘ri anglash, uni qadrlash va bolalarning emlanishini ta’minlash har birimizning muhim vazifamizdir.

Kiritildi: 17:53 09.01.2023. O'qildi: 3230 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!