Qashqadaryo viloyatida “Sardor gangster” taxallusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilib kelgan 26 yoshli Sardor Safarboyev 10 sutkaga qamaldi. Bu haqda viloyat sudlari axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, muqaddam ma’muriy javobgarlikka tortilgan, o‘zining TikTok va YouTube’dagi videolari orqali jamoatchilikka tanilgan Sardor Safarboyevga Nishon tuman sudining 21 fevraldagi qarori bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
U Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 184-3-moddasi (milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni targ‘ib qiluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash yoki tarqatish) da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan.
23 fevral kuni Qashqadaryo viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan Safarboyevning shikoyati apellyasiya tartibida ko‘rib chiqilib, birinchi instansiya sudining qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan.