Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi reanimasiya bo‘limida 26 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqlarda xabar tarqalgach, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi.
Boshqarmaga ko‘ra, Chiroqchi tuman G‘allachi mahallasida yashagan, 1997 yilda tug‘ilgan A.G. 2023 yil 10 oktyabr kuni soat 06:00 da qarindoshlari tomonidan tuman tibbiyot birlashmasi tug‘uruq bo‘limiga olib kelingan.
Ayolda oxirgi ko‘rik 2023 yil 13 sentyabrda, homiladorlikning 33-haftasida o‘tkazilgan. Bunda ayolga yotib davolanish tavsiya qilingani, lekin ayol davolanishga bormagani aytilmoqda.
Qayd etilishicha, 10 oktyabr kuni bo‘limga kelganida ayolning umumiy ahvoli qoniqarli baholangan. U shu kuni soat 16:10 da vazni 3 400 gramm og‘irlikdagi o‘g‘il chaqaloqni dunyoga keltirgan.
12 oktyabr kuni ertalab 5-6 lar oralig‘ida ayolning ahvoli og‘irlashib, qornida kuchli og‘riq paydo bo‘lgan. Og‘riqlar kuchaygach, birlashma xirurg vrachlari jalb qilingan. So‘ng viloyatdan jarroh, akusher-ginekolog va nefrolog chaqirilib, bemorda operasiya o‘tkazilgan.
Operasiyadan keyin ayolga tegishli muolajalar qilingan. Ammo uning umumiy ahvoli og‘irlashgan. Qilingan barcha muolajalarga qaramay, u 2023 yil 16 oktyabr kuni soat 02:30 da vafot etgan, deyiladi viloyat SSB axborotida.
Qayd etilishicha, ona o‘limi holati boshqarmaning kengaytirilgan yig‘ilishida muhokama qilingan va bu borada tegishli choralar belgilangan.
Ayni paytda holat Chiroqchi tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilmoqda.