Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.E. (muqaddam sudlangan) “Xaramjo‘y” MFY hududidagi noturar binosida 600 dona qalbaki aksiz markali va qo‘lbola usulda tayyorlangan alkogol mahsulotlarini sotish maqsadida saqlab kelganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Departamentning Urganch shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda “X.S.” MCHJ rahbari M.A. “Yoshlik” MFY hududidagi savdo do‘konida 387 dona qalbaki aksiz markali alkogol mahsulotlarini savdoga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) va 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.