Project Syndicate xabar berishicha, asr o‘rtasiga borib dunyo aholisi soni o‘n milliard kishiga yetishi kutilar ekan, qishloq xo‘jaligi har mavsumda va barcha hududlarda kamroq resurslardan foydalangan holda ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishiga to‘g‘ri keladi.
Agar bugun dunyo sakkiz milliard kishini boqishda qiynalayotgan bo‘lsa, 2050 yilga borib o‘n milliard aholini qanday oziqlantiramiz? Aholi soni o‘sib borayotgan sharoitda oziq-ovqat va nutritiv ehtiyojlarni qondirish nafaqat oziq-ovqat ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirishni — deyarli to‘liq o‘simlik manbali mahsulotlar hisobiga, — balki hech kim oziq-ovqat xavfsizligi muammosiga duch kelmasligi uchun uni yanada adolatli taqsimlashni ham talab qiladi.
Mavjud oziq-ovqat tizimi allaqachon jiddiy bosim ostida qolmoqda. Qariyb 673 million kishi har kecha och holda uxlashga majbur, 2025 yilda esa dunyo G‘azo va Sudandagi ikki ocharchilikka guvoh bo‘ldi — har ikkalasi ham mojarolar, iqlimiy silkinishlar va oziq-ovqat narxlarining keskin oshishi oqibatida kelib chiqqan. Shu bilan birga, 1,66 milliard gektar yer maydoni degradasiyaga uchragan bo‘lib, uning 60 foizini qishloq xo‘jaligi yerlari tashkil etadi va bu aynan insoniyatni boqish uchun tayanayotgan amaliyotlar natijasidir.
1990–2020 yillar davomida o‘g‘itlardan foydalanish 46 foizga oshgan, pestisidlar qo‘llanilishi esa ikki baravar ko‘paygan. Shu bilan birga, o‘g‘it tarkibidagi ozuqa moddalarining atigi 30–60 foizi, pestisidlarning esa 20–70 foizi samarali o‘zlashtiriladi; qolgan qismi daryolarga yuvilib ketadi, tuproq holatini yomonlashtiradi yoki issiqxona gazlari chiqindilarining ortishiga sabab bo‘ladi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, azotdan foydalanishni optimallashtirish hosildorlikni 19 foizgacha oshirish va o‘g‘itlar qo‘llanilishini 15–19 foizga qisqartirish imkonini beradi.