"Birinchi aloqalardan qandaydir juda yuqori natija kutish xato bo‘lardi. Bu muzokaralar konstruktiv ruhda boshlanganining o‘zi ijobiy baholanishi mumkin. Biroq oldinda juda jiddiy masalalar kutib turibdi", — dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov TASS agentligiga.
U, shuningdek, ushbu muzokaralarda “do‘stona muhit bo‘lishi ehtimoldan yiroq” ekanini qo‘shimcha qildi.
Peskov bu so‘zlari orqali Axios nashrida amerikalik rasmiylarga tayanib e’lon qilingan maqolani izohlagan bo‘lishi mumkin. Unda AQSh vakillari muzokaralardan mamnun ekani, “hech bir tomon uchun rad etiladigan mavzular bo‘lmagani”, “hech kimni majburlab nimagadir undashga to‘g‘ri kelmagani”, shuningdek, uch delegasiya a’zolari tushlik paytida bir stol atrofida o‘tirganida “deyarli do‘stlardek ko‘ringani” aytilgan edi.
Rossiya, Ukraina va AQSh delegasiyalarining ilk uch tomonlama muzokaralari 23–24 yanvar kunlari Abu-Dabida yopiq formatda bo‘lib o‘tgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ularni konstruktiv deb baholagan. Axios ma’lumotiga ko‘ra, muzokaralar 1 fevral kuni qayta boshlanadi.