Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etadigan rasmiy delegasiya tarkibini tasdiqladi. Kreml matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan farmoyishga ko‘ra, muzokaralar 15 may kuni Istanbulda start oladi.
Delegasiyaga Rossiya prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy rahbarlik qiladi. Shuningdek, uning tarkibida TIV vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin, Bosh shtab boshqarmasi rahbari Igor Kostyukov va Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin ham qatnashadi.
Putin, shu bilan birga, maxsus ekspertlar guruhini ham tasdiqladi. Ular orasida RF Qurolli kuchlari Bosh shtabi axborot boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Aleksandr Zorin, prezident ma’muriyatidagi gumanitar siyosat bo‘yicha boshqarma rahbarining o‘rinbosari Yelena Podobreevskaya, Rossiya TIVdagi MDH mamlakatlari bo‘yicha ikkinchi departament direktori Aleksey Polishuk va Mudofaa vazirligining xalqaro harbiy hamkorlik bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Viktor Shevsov kabi yuqori lavozimli shaxslar bor.
E’tiborlisi shundaki, farmoyishda Putinning ismi to‘g‘ridan to‘g‘ri tilga olinmagan.