Suriyada sobiq prezident Bashar Asad va uning hukumatida ishlagan amaldorlar ishi bo‘yicha 26 aprel kuni birinchi tinglov bo‘lib o‘tdi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
Suriyadan qochib ketgan Bashar Asad va uning ukasi Maher Asad ustidan sud jarayoni sirtdan olib borilmoqda. Biroq ularning qarindoshi, sobiq xavfsizlik mulozimi Atif Najib sud zaliga qo‘li kishanlangan holda qatnashgan.
“Biz Suriyada o‘tish davri adliya tizimi doirasidagi ilk sud jarayonlarini boshlamoqdamiz. Bu jarayon qamoqda saqlanayotganlarni, sud zalida o‘tirgan ayblanuvchilarni, odil sudlovdan yashirinib yurganlarni ham o‘z ichiga oladi”, dedi sudya Fahr ad-Din al-Aryan majlisni ochar ekan.
Sud organlaridagi manbaga ko‘ra, ushbu jarayonlar Asad, uning ukasi va Najib kabi boshqa yuqori lavozimli shaxslar ustidan o‘tkaziladigan asosiy sudlarga tayyorgarlikning boshlanishidir.
2025 yil yanvarida, Asad hukumati qulaganidan so‘ng Atif Najib hibsga olingan edi. U 2011-yilda Deraa provinsiyasida siyosiy xavfsizlik boshqarmasini boshqargan. Najib ushbu hududda keng ko‘lamli qatag‘onlar va hibsga olish kampaniyalariga rahbarlik qilganlikda ayblanmoqda.
Suriyadagi 13 yillik fuqarolar urushi yarim milliondan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘ldi va millionlab odamlarni o‘z uylarini tark etishga majbur qildi. O‘n minglab odamlar bedarak yo‘qoldi, ba’zilari qamoqqa tushdi. Yangi hukumat Asad davridagi jinoyatlar uchun adolatni qaror toptirishga va’da bergan.
Suriya prezidenti Ahmad ash-Shara’a adolat o‘rnatish “davlat va uning institutlari intiladigan asosiy maqsad” bo‘lib qolishini aytdi. Navbatdagi sud eshituvi 10 may kuniga belgilangan.