Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari pontifik insonparvarlik va adolatning yuksak qadriyatlarining izchil himoyachisi hamda nasroniy ta’limotining sodiq xizmatchisi, dono din va davlat arbobi sifatida xalqaro nufuzga ega ekanini ta’kidladi.
"Men bu buyuk shaxs bilan ko‘p marta muloqot qilish imkoniga ega bo‘ldim va u haqidagi eng yorqin xotiralarni abadiy saqlayman", dedi Putin.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Rim papasi Fransisk o‘zining pontifikligi davomida Rus pravoslav cherkovi va Rim-katolik cherkovi o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shgan, Rossiya va Muqaddas Taxt o‘rtasidagi konstruktiv munosabatlarni ta’minlash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solgan.
21 aprel kuni Vatikan Rim papasining vafoti haqida e’lon qildi. U 88 yoshda edi.