Nashrning yozishicha, Vladimir Putin Rossiyadagi Moldova fuqarolarining huquqiy maqomiga oid o‘ziga xos tartiblarni belgilovchi farmonni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 1 yanvargacha Rossiya hududiga kirgan Moldova fuqarolari agar ular daktiloskopiya (barmoq izi) va tibbiy ko‘rikdan o‘tishsa, 2026 yil 1 oktyabrgacha patent olmasdan va viza uchun qo‘yiladigan talablar hisobga olinmagan holda ishlashga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, farmonga muvofiq Moldova fuqarolari Rossiyada o‘z maqomini qonuniylashtirishi uchun belgilangan muddat 2026 yil 1 yanvargacha uzaytirildi. Qolgan xorijiy fuqarolar uchun bu muddat faqat 2025 yil 10 sentyabrgacha etib belgilangan edi.
Putin ushbu farmonni Moldova parlamentiga saylovlarga ikki oy qolganida imzoladi. Moldova rasmiylarining fikricha, Kreml mazkur saylovlarga aralashishni rejalashtirmoqda. Moskva bu orqali Moskvaga yaqin bo‘lgan hukumatni shakllantirish niyatida.