AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Yevropaga hujum qilish niyati yo‘qligini yana bir bor ta’kidladi.
U bu haqda Fox News telekanali efirida "Ukraina hududlarini Rossiyaga berish Yevropaga tahdid solmaydimi?", degan savolga javoban aytib o‘tdi.
Uitkoffning fikricha, Moskva asosan beshta hudud haqida gapiryapti va bu Putinning nutqlarida ham qayd etilgan.
"Rossiyada keng tarqalgan fikr shuki, bu hududlar avvaldan Rossiyaga tegishli bo‘lgan, u yerda o‘tkazilgan referendumlar esa bu harakatlarni oqlaydi", — deya qayd etdi Trampning vakili.
Shu bilan birga, Uitkoff Putinning Yevropani egallab olish istagi yo‘qligini ta’kidladi. Uning fikricha, hozirgi vaziyat Ikkinchi jahon urushi davriga o‘xshamaydi, chunki bugungi kunda Yevropa mamlakatlari NATO tarkibida.
"Bu butunlay boshqa vaziyat. Ikkinchi jahon urushi paytida NATO yo‘q edi. Hozir esa u yerda harbiy jihatdan yaxshi tayyorlangan davlatlar bor. Men Putinning gaplarini mana shu ma’noda tushunaman. Menimcha, yevropaliklar ham asta-sekin shu xulosaga keladi", — dedi Uitkoff.
U urushning Yevropa tomon kengayish ehtimolini "akademik darajadagi masala" deb atab, hozirda "odamlarning o‘limini to‘xtatish va Ukrainadagi qirg‘inni tugatish" masalasiga e’tibor qaratishga chaqirdi.