Fransiyaning «PSJ» klubi darvozaboni Matvey Safonov Rossiya va O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘rtoqlik uchrashuvida ishtirok etadi. Bu haqda Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uchrashuv 12 noyabr kuni Toshkentdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da boshlanadi. 2022 yilda terma jamoalar o‘rtasidagi bahs 0:0 hisobida yakunlangandi.
«Har bir o‘yinda bo‘lgani kabi, ertangi bahsdan ham mashg‘ulotlarda ustida ishlayotgan jihatlarimizni maydonda ko‘rishni kutyapman. Ertaga Matvey Safonov o‘ynaydi. O‘zbekiston terma jamoasi 2022 yilga nisbatan ancha kuchaygan, deb o‘ylayman», — dedi Karpin.
Uchrashuv natijasi FIFA reytingi hisob-kitobida inobatga olinadi. Rossiya terma jamoasi unda 35-o‘rinni, O‘zbekiston esa 59-pog‘onani egallab turibdi.