Ilk bosqichda u raqamli savdo va shahar servislarini tartibga solish qoidalarini yaqinlashtirish, O‘zbekiston va Rossiya brendlarini hamkorlikdagi platformalarda ilgari surish, bandlik bo‘yicha yagona raqamli profilni yaratish, sun’iy intellekt asosida mahsulotlarni rivojlantirishni o‘zida qamrab olishi mumkin. Bu biznes uchun yangi bozorlar, fuqarolar uchun esa daromad topishda qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
“Ayni paytda raqamlashtirishni keng qo‘llashga intilar ekanmiz, har qanday o‘zgarishlar negizida doimo inson turishini yodda tutish muhimdir.
Bugungi kunda O‘zbekiston dunyoning eng yosh mamlakatlaridan biri bo‘lib, aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadi. Bu shunchaki oddiy statistika emas. Bu – rivojlanish uchun quvvat, energiya manbai. Bu – yangi talab. Bu – bizning kelajagimiz.
Shu bois, bizning vazifamiz faqat yoshlarga zamonaviy bilim berishdan iborat emas. Yoshlar ilg‘or kompetensiyalarni o‘zlashtirishi va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun imkon beradigan sharoitlarni yaratish muhimdir. Bu o‘rinda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik alohida o‘rin tutadi”,
– dedi Prezidentimiz.