Yig‘ilishda so‘nggi paytlarda jinoiy guruhlar oldi-berdi munosabatlarga, biznes faoliyatga aralashib, tadbirkorlar va investorlarga tahdid solayotgani qayd etildi.
Birlashgan Arab Amirliklari, Turkiya, AQSh va boshqa davlatlardagi elchixonalarimizda ichki ishlar vakili lavozimi joriy qilindi. Ushbu vakillar xorijdagi hamkasblari bilan ishlab, bunday zo‘ravonliklarga nisbatan qonun ustuvorligini ta’minlaydi, yurtdoshlarimiz yot g‘oyalar ta’siriga tushishining oldini oladi.
Mutasaddilarga transchegaraviy va virtual maydonda uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha yaxlit tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi. Ichki ishlar vazirligida uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha alohida xizmat tashkil qilinadi.
O‘tgan yili poytaxtda ushlangan uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida 259 nafar “og‘ir” toifadagi yoshlar va sportchilar bo‘lgani o‘ta tashvishli hol ekani qayd etildi.
Sportchilarning aksariyati ko‘cha bezorisiga aylanib ketayotgani, joylarda pul uchun yashirin janglar tashkil qilish holatlari ko‘paygani qayd etildi.
Mutasaddilarga bu yo‘nalishda nazoratni ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Jangovar sport turlari bilan shug‘ullanayotgan yoshlarni kasbga o‘qitib, salohiyatiga mos ish bilan band qilish tizimini yaratish topshirildi.