Bugun 14 may, 2026 yil, payshanba

КИР

Prezident Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi​​​​​​​

Prezident Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi​​​​​​​

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro shahrida o‘tayotgan Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi ishtirokchilariga murojaat yo‘llab, ayollarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash Yangi O‘zbekiston islohotlarining ustuvor yo‘nalishi ekanini ta’kidladi.

Davlat rahbari forumda ishtirok etayotgan BMT, xalqaro tashkilotlar va Osiyo davlatlari parlament delegasiyalariga minnatdorlik bildirdi. Uning qayd etishicha, Osiyo xalqlarining mushtarak tarixi va qadriyatlari xotin-qizlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Prezident so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha huquqiy va institusional asoslar yaratilganini aytdi. Xususan, xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda esa 49 foizga yetgani ta’kidlandi.

Mirziyoyev forumda ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni taklif qildi.

Jumladan, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatuvchi, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlovchi maxsus platforma tashkil etish taklifi bildirildi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar tadbirkor ayollari o‘rtasida biznes forumlar va xalqaro treninglarni muntazam o‘tkazish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, forum doirasida oila institutini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy muassasalar tarmog‘ini shakllantirish va ilg‘or tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish taklifi ham ilgari surildi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda 2,6 million nafar xotin-qizning daromadli mehnat bilan band bo‘lishiga ko‘maklashilgan. Shuningdek, mamlakat «Ayol, biznes va qonun» xalqaro indeksida 43 pog‘ona yuqorilab, 48-o‘rinni egallagan.

Prezident forum Osiyoda qaror qabul qilish jarayonlarida ayollar rolini kuchaytirishga xizmat qiladigan doimiy muloqot maydoniga aylanishiga ishonch bildirdi.

Kiritildi: Bugun 13:35. O'qildi: 261 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!