Bugun 16 aprel, 2026 yil, payshanba

КИР

Prezident Butunjahon taekvondo federasiyasining ordeni bilan mukofotlandi

Prezident Butunjahon taekvondo federasiyasining ordeni bilan mukofotlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 aprel kuni yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati doirasida mamlakatimizda bo‘lib turgan Butunjahon taekvondo federasiyasi prezidenti Cho Chung Vonni qabul qildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda taekvondo bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni deyarli ikki baravarga oshib, 35 ming nafarga yetdi. Vakillarimiz Parijdagi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida ushbu sport turi bo‘yicha umumjamoa hisobida faxrli uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.

Uchrashuv davomida Cho Chung Von O‘zbekistonda sportni jadal rivojlantirish, yoshlar orasida jismoniy tarbiyani targ‘ib etish, zamonaviy infratuzilmani yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.

Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, professional sportchilar va hakamlarni tayyorlash, yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, sport tibbiyoti borasida ilg‘or tajribalarni almashish va nufuzli xalqaro musobaqalarni O‘zbekistonda muntazam o‘tkazish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti mamlakatimizda taekvondoni ommalashtirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi, sport orqali jahon xalqlarining o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik aloqalarini kuchaytirish borasidagi katta xizmatlari uchun Cho Chung Vonni davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirladi.

Cho Chung Von, o‘z navbatida, Prezident Shavkat Mirziyoyevga sportni rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun Butunjahon taekvondo federasiyasi tomonidan ta’sis etilgan oliy shaxsiy mukofot – Shon-sharaf ordenini topshirdi.

Ushbu orden ilk bor aynan davlatimiz rahbariga taqdim etilgani, bu yurtimizda sportni, xususan, taekvondoni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning xalqaro miqyosda e’tirof etilganidan dalolat berishi ta’kidlandi.

Kiritildi: 20:54 15.04.2026. O'qildi: 289 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!