«Octobank» boshqaruvi raisi birinchi o‘rinbosari Dilshod Pulatov «Poytaxt bank» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi etib tayinlandi.
Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilinishicha, kuzatuv kengashi qaroriga asosan Pulatov Dilshod Akmalevich bank boshqaruviga rahbarlik qiladi.
Shu bilan birga, kuzatuv kengashida ham o‘zgarish bo‘ldi. Aftab Shaukat Ali vakolatlari muddatidan oldin tugatilib, uning o‘rniga Mirzaqulov Tolibjon Oltinovich bank kuzatuv kengashi a’zoligiga saylandi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil iyun oyida «Poytaxt bank» 100 foiz aksiyalar paketi xususiylashtirilib, BAAning Bond Investments Limited kompaniyasiga 10 mln dollar evaziga sotilgan.
2025 yil fevralda esa sobiq rahbar Xasan Rahmatov Asia Alliance Bank kuzatuv kengashi raisi etib saylangandi. Uning o‘rnini dastlab Do‘stboy Abjalov, so‘ngra Abror Turgunov vaqtincha egallagan edi.