Portugaliya terma jamoasining ijtimoiy tarmoqlardagi akkaunti Krishtianu Ronaldu bilan bog‘liq mojarodan keyin ikki milliondan ortiq obunachini yo‘qotdi. Bor-yo‘g‘i bir necha kun ichida milliy jamoaning doimiy auditoriyasi 25 milliondan 22,9 millionga kamaydi.
Eslatib o‘tamiz, voqealar Portugaliyaning Millatlar ligasida Norvegiyaga qarshi dastlabki o‘yini oldidan boshlangan edi. Ronaldu tarkibga kiritilmagan, ammo terma jamoa bosh murabbiyi Jorje Jezush shu sababli futbolchi bilan munosabatlarda qandaydir muammo borligini rad etgan.
Daniyaga qarshi o‘yin arafasida Jezush Ronaldu katta ehtimol bilan yana zaxirada qolishini aytdi. Shundan so‘ng Krishtianu buyumlarini yig‘ib, xususiy samolyotda Madridga uchib ketdi. Jezush va Portugaliya futbol federasiyasi rahbari Pedru Proensa uni aeroportda to‘xtatishga uringan, ammo futbolchi ular bilan gaplashmagan.
Ronaldu Portugaliya terma jamoasidagi faoliyati yakunlanganini e’lon qildi. Biroq federasiyada o‘z ramzini yana jamoaga qaytarish umidini yo‘qotishmagan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, kelasi hafta Jezush va Krishtianu o‘rtasida uchrashuv rejalashtirilgan.