Polsha prezidentligi uchun bo‘lib o‘tgan saylovlarning ikkinchi turida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, konservator va yevroskeptik Karol Navroskiy amaldagi hukmron koalisiya nomzodi, liberal Rafal Tshaskovskiyni mag‘lub etdi.
Polshaning Gazeta Wyborcza nashri va TVN24 telekanalining xabar berishicha, mahalliy vaqt bilan tonggi soat beshda Markaziy saylov komissiyasi barcha okruglar bo‘yicha natijalarni e’lon qildi. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, Navroskiy 50,9% ovoz olgan, Tshaskovskiy esa 49,1% ovoz to‘plagan.
Navroskiyning g‘alabasi natijasida Polshaning Yevropa Ittifoqi va Ukraina bilan munosabatlarida tanglik kuchayishi, shuningdek, konservator prezident va liberal hukumat o‘rtasida ichki siyosiy inqiroz yuzaga kelishi kutilmoqda.
Navroskiy Bryussel va Kiyev bilan aloqalarni yaxshilashga shubha bilan qaraydi, Ukrainani NATO'ga taklif qilishga qarshi va uning Yevropa Ittifoqiga tezlashtirilgan tartibda qo‘shilishiga norozilik bildiradi.
Ma’lumot uchun, Polshada bosh vazir hukumatga rahbarlik qiladi, prezidentning vakolatlari esa ancha cheklangan. Biroq prezident qonun loyihalariga veto qo‘yish huquqiga ega.