Polsha zarurat tug‘ilgan taqdirda Rossiya va Belarus bilan chegaradagi barcha o‘tish punktlarini yopishga tayyor. Bu haqda Polsha bosh vaziri o‘rinbosari va milliy mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish ma’lum qildi.
"Zarurat tug‘ilsa, sharqiy chegaradagi barcha o‘tish punktlarini yopishga tayyormiz. Buning uchun bizda kerakli jihozlar allaqachon mavjud", — dedi u.
Kosinyak-Kamishning ta’kidlashicha, Polsha kuch tuzilmalari zarur zaxiralar, omborlar, fortifikasiya inshootlari va mustahkamlangan mudofaa ob’ektlariga ega.
Vazirning qo‘shimcha qilishicha, zarur zaxiralarni shakllantirish va chegara infratuzilmasini mustahkamlash "Sharqiy qalqon" dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Mazkur loyiha Polsha sharqiy chegaralari, jumladan Rossiya va Belarus bilan chegara hududlarida mudofaa imkoniyatlarini kuchaytirishga qaratilgan.