Polsha hukumati mamlakat hududiga noqonuniy kirgan shaxslar uchun vaqtinchalik boshpana berish huquqini cheklashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bild nashri xabar berdi.
Bosh vazir Donald Tuskning ma’lum qilishicha, tegishli qaror tez orada qabul qilinadi.
Qonun hukumatga noqonuniy migrantlar uchun boshpana so‘rash imkoniyatini vaqtinchalik to‘xtatish huquqini beradi. Bu cheklov 60 kun davom etadi, faqat mamlakatga qonuniy kirgan shaxslar boshpana so‘rashi mumkin bo‘ladi.
Polsha bu choralarni asosan Belarus orqali noqonuniy migrasiyaning oldini olish maqsadida joriy qilmoqda. Yevropa Ittifoqi Rossiya va Belarusni migrantlardan "qurol" sifatida foydalanib, Yevropani beqarorlashtirishda ayblamoqda.
Huquq himoyachilari Varshavaning mazkur choralarini tanqid qilmoqda. Amnesty International ularni "noqonuniy" deb atagan bo‘lsa, Human Rights Watch qonun xalqaro normalariga zid ekanini ta’kidladi.