Nashrning yozishicha, Parij prokuraturasi Telegram asoschisining Qo‘shma Shtatlarga investisiya jamg‘armalari bilan muzokaralar o‘tkazish maqsadida safar qilish so‘rovini rad etdi. Prokuratura bu safarni “zarur yoki asosli” deb topmagan.
Pavel Durov 2024 yil avgust oyida Parij aeroportida hibsga olingan edi va keyinroq garov evaziga qo‘yib yuborilgandi. U 2024 yil sentyabridan beri Fransiya huquq-tartibot idoralari nazorati ostida. Parij prokuraturasi Durovga vakolatli organlar so‘rovlariga javob berishdan bosh tortish, xakerlik dasturlari va bolalar pornografiyasiga oid materiallarni tarqatishda sheriklik qilish, shuningdek, jinoiy yo‘l bilan topilgan mablag‘larni yuvish ayblarini qo‘ygan.
O‘tgan dam olish kunlari Pavel Durov Fransiya hukumati Telegram dan "konservativ fikr egalari ovozini o‘chirish"ni talab qilganini ma’lum qildi. Fransiya Tashqi ishlar vazirligi bu ayblovlarni keskin rad etdi. Shundan so‘ng, Durov bu talab 2025 yil bahorida Fransiya razvedka xizmati rahbari Nikolya Lerner bilan uchrashuv paytida aytilganini ma’lum qildi. Fransiya harbiy razvedkasi (DGSE) ham bu ayblovni rad etdi.