Xorijlik muallif, pokistonlik taniqli jurnalist va publisist Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans - kelajak konsepsiyasi" kitobi nashrdan chiqdi.
Bu shunchaki tahlil emas, urdu tilida yozilgan va hozirda rus va o‘zbek tillariga tarjima qilingan badiiy-publisistik asardir. Kitob mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o‘zgarishlarga yangicha, mustaqil nazar tashlaydi.
Bu kitob nima haqida?
Muallif Uchinchi Renessans g‘oyasini ilgari surgan Prezident Shavkat Mirziyoyevning falsafiy platformasi va strategik qarashlarini ochib beradi. Qarama-qarshilik o‘rniga hamkorlik, jaholat emas ma’rifat, dushmanlik kayfiyati o‘rniga ishonchni nazarda tutuvchi O‘zbekistonning yangi gumanistik yondashuvini e’tirof etadi. Aslida, bu Yangi O‘zbekistonning butun dunyoga yo‘llagan asosiy da’vatidir!
Muhammad Abbosxon Uchinchi Renessans g‘oyasi Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Ulug‘bek kabi buyuk allomalar tavallud topgan yurtimizning ko‘p asrlik ma’naviy, ilmiy va madaniy merosidan ilhom va kuch olishini ko‘rsatib bergan.
Muallif hozirgi islohotlarni Buyuk Ipak yo‘li tarixi bilan taqqoslaydi. Uning fikricha, zamonaviy O‘zbekiston nafaqat qadimiy an’analarni tiklamoqda, balki ularga yangi mazmun bag‘ishlamoqda, mamlakatni insonparvarlik tafakkuri, ochiqlik va ilmiy hamkorlik markaziga aylantirmoqda.
Kitob allaqachon Pokiston va boshqa mamlakatlardagi ekspertlar va siyosatchilar tomonidan yuqori baholangan. Endi u o‘zbek o‘quvchilariga ham yetib boradi.